MAHALLIY MATBUOTDA BUXORO AMIRLIGIDAGI AHVOL VA ISLOHOTLAR BAYONI XUSUSIDA
Журнал: Научный журнал «Студенческий форум» выпуск №14(365)
Рубрика: История и археология

Научный журнал «Студенческий форум» выпуск №14(365)
MAHALLIY MATBUOTDA BUXORO AMIRLIGIDAGI AHVOL VA ISLOHOTLAR BAYONI XUSUSIDA
Annotatsiya. Mazkur maqolada Buxoro amirligida XX asr boshlarida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar hamda amalga oshirilgan islohotlar mahalliy matbuot materiallari ya’ni Samarqand gazetasining 40-soni asosida tahlil qilinadi. Xususan, Samarqand gazetasi sahifalarida aks etgan ma’lumotlar orqali Abdulahadxon vafoti va Said Olimxonning hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq siyosiy vaziyat yoritiladi. Tadqiqotda yangi amir tomonidan e’lon qilingan islohotlar, xususan soliqlarni kamaytirish, noqonuniy yig‘imlarni cheklash va boshqaruv tizimini tartibga solishga qaratilgan choralar mazmuni va ularning amaliy natijalari ko‘rib chiqiladi.
Kalit so‘zlar: Buxoro amirligi, mahalliy matbuot, islohotlar, ijtimoiy-siyosiy ahvol, Said Olimxon, XX asr boshlarida, davlat boshqaruvi
Kirish. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro amirligi Markaziy Osiyodagi yirik siyosiy tuzilmalardan biri sifatida hududi, aholisi va tabiiy resurslari bilan alohida mavqega ega edi. Bu davrda mintaqadagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib, Qo‘qon xonligi tugatildi, Buxoro va Xiva xonligi esa Rossiya imperiyasiga yarim mustamlaka sifatida qaram bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, amirlik tashqi siyosatda Rossiyaga tayangan holda faoliyat yuritgan bo‘lsa, ichki boshqaruv tizimi nisbatan mustaqil saqlanib, bu holat siyosiy nomuvozanat va ijtimoiy muammolarning kuchayishiga olib keldi. XX asr boshlarida hokimiyat almashinuvi, xususan, Abdulahadxon vafotidan so‘ng Said Olimxonning taxtga chiqishi yangi siyosiy jarayonlarni boshlab berdi. Yosh amir tomonidan e’lon qilingan farmonlar islohotlar yo‘nalishini belgilagan bo‘lsa-da, amirlikda ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy qoloqlik, ta’lim tizimining eskirganligi hamda boshqaruvdagi poraxo‘rlik va adolatsizlik saqlanib qoldi. Mazkur jarayonlarni, ayniqsa mahalliy matbuot asosida o‘rganish, keyingi siyosiy o‘zgarishlarning mohiyatini anglashda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Asosiy qism: XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yoritishda mahalliy matbuot muhim manba sifatida namoyon bo‘ladi. Xususan, Samarqand gazetasining 40-son uchinchi sahifasida chop etilgan maqolada Buxorodagi siyosiy vaziyat, qonli voqealardan uch yil o‘tgandan keyingi davr kontekstida tasvirlanadi[1].
Manbaga ko‘ra, 1911-yil 7-yanvar (1910-yil 22-dekabr; hijriy 1329-yil)da Amir Abdulahadxon Karmanadagi Xirobod bog‘ida vafot etadi. Uning jasadi Qosimshayx mozoriga dafn etilgach, Karmanada hokimlik qilayotgan o‘g‘li Mir Olim (Said Olimxon) Buxoroga yo‘l oladi va shu yilning 24-dekabr kuni Arkda taxtni egallaydi. Yosh amirning Peterburgda tahsil olgani, rus va Yevropa madaniyatini bilganligi uning shaxsiga nisbatan jamiyatda muayyan ijobiy kutilmalarni shakllantirgan [2]. Bu esa aholining ijtimoiy-siyosiy ahvol yaxshilanishiga bo‘lgan umidlarini kuchaytirgan omillardan biri sifatida talqin qilinadi.
Aholining aynan yangi amirdan umid qilganligining sabablari zamondosh mualliflar asarlarida izohlanadi. Jumladan, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayni asarlarida Abdulahadxon davridagi ijtimoiy-iqtisodiy holat tanqidiy tahlil qilingan. “Mang‘it amirlarining tarixi” asarida keltirilishicha, zakot, xiroj va boshqa majburiy to‘lovlarning ortishi aholining iqtisodiy jihatdan keskin qashshoqlashuviga olib kelgan. Rasmiy ravishda hosilning 40 foizi davlat xazinasiga o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda dehqonlar o‘z mehnati natijasidan juda kam ulush olgan, ayrim hollarda esa bu ulush umuman saqlanib qolmagan [3].
Bundan tashqari, manbalarda davlat boshqaruv tizimida korrupsiyaga xos belgilar mavjud bo‘lgani qayd etiladi. Xususan, mansabdor shaxslarni tayinlash jarayonida amirga moddiy mablag‘ va qimmatbaho hadyalar taqdim etish zarur bo‘lgan. Ayrim holatlarda esa bu talablar shaxsiy va axloqiy chegaralardan ham oshib ketganligi haqida ma’lumotlar uchraydi [3]. Natijada mahalliy amaldorlar o‘z lavozimini saqlab qolish maqsadida aholiga nisbatan bosimni kuchaytirgan. Ushbu holatni zamonaviy tarixshunoslik terminologiyasi nuqtayi nazaridan davlat boshqaruvida tizimli korrupsiya va patrimonial munosabatlarning ustuvorligi sifatida baholash mumkin. Zamondosh manbalarda Abdulahadxon davridagi davlat boshqaruvi va ijtimoiy muhit keskin tanqidiy ruhda tasvirlanadi. Xususan, ayrim mualliflar uning otasi davrida shakllangan boshqaruv tizimini o‘zgartirmaganini, aksincha, maishat va saroy hayotiga haddan tashqari berilib ketganini qayd etadilar. Natijada davlat ishlariga e’tibor susayib, muhim lavozimlarga malakali shaxslar emas, balki past darajadagi yoki sodiqligi bilan ajralib turuvchi kishilar tayinlanganligi ta’kidlanadi [4]. Bu esa boshqaruv tizimining samaradorligini pasaytirib, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning yanada chuqurlashuviga olib kelgan. Shunday bo’lsa-da, Abdulahadxon davridagi muhim yangilanishlarni unutmaslik lozim. Manbalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mazkur davrda aholining asosiy qismi og‘ir iqtisodiy sharoitda yashagan. Xususan, ushr va xiroj soliqlarining og‘irligi, shuningdek, ayrim hududlarda suv ta’minotidagi muammolar aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, mavjud muammolar fonida aholining yangi hukmdordan ijobiy o‘zgarishlar kutishi tabiiy hol sifatida namoyon bo‘ladi. Bu umidlar nafaqat mavjud ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz bilan, balki Said Olimxonning shaxsiy tayyorgarligi bilan ham bog‘liqligi gazeta sahifalarida yoziladi.
Said Olimxonning o‘z esdaliklarida qayd etilishicha, u yoshligidan diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan, keyinchalik esa davlat boshqaruvi asoslarini o‘rganish maqsadida Sankt-Peterburgda tahsil olgan [5]. U yerda qisqartirilgan dastur asosida uch yil davomida ta’lim olib, davlat boshqaruvi va tartib-qoidalariga oid bilimlarni egallaganini ta’kidlaydi. Mazkur holat uning shaxsiga nisbatan zamondoshlari orasida modernizatsiya tarafdori sifatida qarashlarning shakllanishiga xizmat qilgan.
Shu bilan birga, Abdurauf Fitrat o‘z asarlarida Said Olimxonni Mang‘itlar sulolasining davomchisi sifatida tilga olib, uning hukmronligini sulola tarixidagi muhim bosqichlardan biri sifatida baholaydi. Demak, aholining yangi amirdan umid qilishi bir tomondan oldingi davr muammolari bilan izohlashimiz mumkin.
Said Olimxon 1882-yilda (1299 h.) tug‘ilib, dastlabki ta’limni Buxoroda olgan. Keyinchalik Abdulahadxon tomonidan 1893-yilda (1311 h.) Sankt-Peterburgga tahsil olish uchun yuborilgan. Biroq ayrim manbalarda qayd etilishicha, u yerda ta’lim jarayoni yetarli darajada samarali tashkil etilmagan bo‘lib, shahzoda bilan birga yuborilgan ayrim shaxslarning salbiy ta’siri tufayli u asosan rus tilini o‘rganish bilan cheklanib, boshqa fanlarni chuqur egallamagan [3].
Shunga qaramay, Peterburg tajribasi uning shaxsiga nisbatan jamiyatda modernizatsiya bilan bog‘liq ijobiy tasavvurlar shakllanishiga xizmat qilgan. Vatanga qaytgach, u dastlab Nasaf, keyinchalik esa an’anaga muvofiq valiahdlar boshqaradigan Karmana viloyatiga hokim etib tayinlangan. O‘z esdaliklarida u otasi vafotidan so‘ng 1910-yilda (1329 h.) taxtni egallaganini qayd etadi [5]. Mazkur siyosiy almashuvdan so‘ng yangi amir davlat boshqaruvini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni e’lon qilgan. Xususan, Said Olimxon tomonidan e’lon qilingan dastlabki islohot hujjatlaridan biri sifatida “Farmoni islohot” alohida ahamiyatga ega bo‘lgan [3]. Mazkur farmon bir qator muhim qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda saroyga tortiq va peshkashlar berish amaliyotini bekor qilish, mansabdor shaxslarning noqonuniy yig‘imlarini cheklash, yer solig‘ini kamaytirish hamda saroy xizmatchilarining moddiy ta’minotini tartibga solish kabi choralar belgilangan. Jumladan, qozilar va ularning mulozimlariga aholiden ortiqcha yig‘imlar undirish taqiqlanib, belgilangan me’yordan oshgan hollarda jazoga tortilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, manbalarda yer solig‘ining kamaytirilishi (hosildan olinadigan ulushni qisqartirish) orqali aholi iqtisodiy ahvolini yengillashtirishga urinish kuzatiladi. Biroq ayrim ijtimoiy qatlamlar, xususan, diniy ulamolar uchun mavjud moliyaviy imtiyozlar saqlab qolinganligi ham qayd etiladi [3].
Sadriddin Aynining “Buxoro inqilobi tarixi” asarida ushbu jarayonlar batafsil tasvirlanadi. Unda 1910-yil 30-dekabrda (1329 h., 13-muharram) o‘tkazilgan taxtga o‘tirish marosimi va unda yangi amirning dastlabki farmoni e’lon qilingani qayd etiladi. Mazkur farmon mazmunan davlat boshqaruvida tartib o‘rnatish, aholining ahvolini yaxshilash va noqonuniy yig‘imlarni cheklashga qaratilganini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, Said Olimxonning dastlabki siyosiy faoliyati islohotchi xarakterga ega bo‘lib, u avvalgi davrda shakllangan boshqaruv tizimidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan edi. Biroq ushbu islohotlarning qanchalik samarali amalga oshirilgani masalasi alohida tahlilni talab etadi.
Said Olimxon tomonidan e’lon qilingan “Farmoni islohot” mazmunida iqtisodiy va ma’muriy sohalarga oid qator o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Xususan, farmonga ko‘ra, ilgari davlat foydasiga olinadigan yer hosilining ulushi to‘rtdan bir (40 foiz) miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, u uchdan bir (30 foiz) darajasiga kamaytirilishi belgilangan. Shuningdek, saroy xizmatchilari, harbiylar va ayrim amaldorlarning maoshlarini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu orqali davlat apparatini moddiy jihatdan mustahkamlashga urinish kuzatiladi [2].
Mazkur farmon dastlab jamiyatda ijobiy kayfiyat uyg‘otgan. Manbalarda qayd etilishicha, ayniqsa mahalliy amaldorlar, qozilar va ularning mulozimlari tomonidan ko‘rsatiladigan bosimdan aziyat chekib kelgan aholi ushbu o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qabul qilgan. Farmon nusxalari viloyatlarga yuborilib, uning mazmuni jarchilar orqali ommaga e’lon qilingan. Natijada qisqa muddat davomida ijtimoiy muhitda muayyan barqarorlik va umid kayfiyati yuzaga kelgan [2].
Biroq farmonning amaliy natijalari kutilgan darajada bo‘lmagan. Ayrim iqtisodiy choralar, jumladan maoshlarning oshirilishi va ayrim rasmiy taqiqlarning joriy etilishi qisman amalga oshirilgan bo‘lsa-da, farmonning asosiy maqsadi raiyatning ahvolini yaxshilash bo’lib, to‘liq ro‘yobga chiqmagan. Aksincha, mahalliy amaldorlarning noqonuniy harakatlari va suiiste’mollari davom etib, ayrim hollarda yanada kuchayganligi kuzatiladi [2]. Islohotlar doirasida soliqlarni yengillashtirish, noqonuniy yig‘imlarni cheklash va davlat daromad tizimini tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar e’lon qilingan bo‘lsa-da, ularning amalga oshirilishi tizimli qarshiliklarga duch kelgan. Xususan, yuqori lavozimli amaldorlar va saroyga yaqin guruhlar mavjud tartibni saqlab qolishga intilgan. Natijada islohotlar ko‘proq deklarativ xarakter kasb etib, ularning amaliy samaradorligi cheklangan bo‘lib qolgan [1]. Shuningdek, dastlab aholi orasida yangi amirga nisbatan shakllangan ijobiy munosabat vaqt o‘tishi bilan susaygan. Islohotlarning kutilgan natija bermasligi natijasida aholining umidlari asta-sekin kamayib, ijtimoiy ishonch inqirozi yuzaga kelgan. Bu holat davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashuviga olib kelgan.
Xulosa. 1910-yil Buxoro amirligi tarixida burilish davri sifatida namoyon bo‘lib, Abdulahadxon vafoti, qisqa muddatli siyosiy o‘tish jarayonlari va Said Olimxon hukmronligining boshlanishi jamiyatdagi mavjud siyosiy hamda ijtimoiy murakkabliklarni yanada yaqqol ko‘rsatdi. Dastlab e’lon qilingan farmonlar va islohotlar aholi tomonidan ijobiy kutib olingan bo‘lsa-da, ularning amaliy natijalari cheklangan bo‘lib qoldi. An’anaviy boshqaruv tizimi, amaldorlarning eski odatlar, xususan, poraxo‘rlik va suiiste’mollardan voz kechmasligi natijasida aholining umidlari susayib, ijtimoiy norozilik kuchaydi. Mazkur jarayonlar avvalgi amirlar davridan meros bo‘lib kelayotgan ichki ziddiyatlar, jumladan konfessional keskinliklar va ijtimoiy jipslikning yetishmasligi bilan birgalikda tashqi siyosiy omillar, xususan Rossiya imperiyasi ta’sirining kuchayishi uchun qulay sharoit yaratdi. Said Olimxon davrida e’lon qilingan soliqlarni kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqaruvni adolatlashtirishga qaratilgan choralar asosan deklarativ xarakterda qolib, amaliyotda to‘liq ro‘yobga chiqmaganligi davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashuviga olib keldi. Umumiy olganda, Amir Olimxon davrida olib borilgan islohotlar Buxoro ahvolini tubdan o’zgartira olmadi, ammo muhim tajriba sifatida tarixda qoldi. Bu orqali farmon chiqarish emas, balki amalda to’liq va adolatli bajarish muhim ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

