FIZIKA FANINI O’QITISHDA MASALALAR YECHISH USULLARI VA ULARNING AHAMIYATI
Конференция: LXXXIV Международная научно-практическая конференция «Научный форум: инновационная наука»
Секция: Педагогика

LXXXIV Международная научно-практическая конференция «Научный форум: инновационная наука»
FIZIKA FANINI O’QITISHDA MASALALAR YECHISH USULLARI VA ULARNING AHAMIYATI
PROBLEM SOLVING METHODS AND THEIR IMPORTANCE IN TEACHING PHYSICS
Ibrahim Jumaniyozov
Doctor of Philosophy in Physics and Mathematics, Senior Lecturer, Tashkent International University, Uzbekistan, Tashkent
Annotatsiya. Ushbu maqolada oliy ta’lim muassasalarida fizika fanini o’qitishda masalalar yechishning usullari va ularning ahamiyati ko’rsatilgan. Fizika fanidan masalalarni yechish talabalarda fizik hodisalarni chuqurroq va to’liqroq tushinishga, nazariy bilimlarni yaxshi o’rganishga yordam beradi.
Abstract. The article describes the methods of solving problems in teaching physics in higher education institutions and their importance. Solving problems in physics helps students to understand physical phenomena more deeply and more fully, and to learn theoretical knowledge better.
Kalit so’zlar: fizika; fizika fanidan masalalar yechish; mantiqiy masalalar; grafik masalalar; eksperimental masalalar; sifat masalalar.
Keywords: physics; solving problems in physics; logical problems; graphic problems; experimental problems; qualitative problems.
Fizika fanini o’qitishdan asosiy maqsad, birinchidan, tabiatning fundamental qonunlarini ilmiy asosda tushuntirish, talabalarning ilmiy dunyoqarashi va mantiqiy mulohaza yuritish qobiliyatlarini rivojlantirish, texnikada va turmushda foydalanilayotgan uskuna va vositalarning ishlash prinsipini tushintiruvchi fizik jarayonlar haqida tasavvurlarni shakllantirish bo’lsa, ikkinchidan, talabalarning ta’lim olishini davom ettirish, olgan bilimlarini chuqurlashtirish va ilmiy izlanishlarini davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratishdan iboratdir. Fizika fani tabiat hodisalarining eng soda va shu bilan birga eng umumiy qonunlarini, materiyaning xossalari, tuzlishi va uning harakat qonunlarini o’rganadigan fandir.
Fizika fanidan masalalar yechish usullarini bilish, talabalarda berilgan masalani oson hal qilish va shu orqali olgan nazariy ma’lumotlarini kengroq anglash imkoniyatini beradi. Fizikadan masalalar yechishda talabalar, berilgan kattaliklarning holatiga, Xalqaro birliklar sistemasidagi birligiga va shu berilgan kattaliklarni qaysi birliklar bilan bog’liqligini e’tiborga olishadi. Shu asnoda talabalarda sinchkovlik, har bitta hodisani kichik elementlarigacha e’tiborga olish xususiyatlari shakllanadi. Masala yechish bu fizikaning ajralmas qismi bo’lib, u nazariyani o’qish va ma’ruzalarni tinglashdan ko’ra faolroq yondashuvni talab qiladi. Talabalar fizikani faqat nazariy jihatdan o’rganish orqali bilimga ega bo’lishlari mumkin, ammo qarshisidagi fizik masalani hal qilish uchun masala yechish va uning usullarini bilishi shart.
Quyida masala yeshishda ko’proq nimalarga e’tibor qaratish kerakligini ko’rib chiqamiz:
- masalaga tegishli tenglamalarni aniqlash. Masala yechishning turli usullari bo’lishi mumkin, shuning uchun tegishli bo’lgan yechim turi bo’yicha guruhlash;
- tushuncha hosil qiliush uchun rasmini chizish;
- aniqlangan tenglamalardan noma’lumlarni matematik yo’l bilan keltirib chiqarish, birliklarni bir-biriga mos tushadigan birliklarga aylantirib olish;
- keltirib chiqarilgan tenglamaga ma’lum bo’lgan qiymatlarni va birliklarni qo’yib chiqish;
- matematik hisob-kitobini amalga oshirish;
- yakuniy javob to’g’ri va to’g’ri birliklarga ega ekanligiga ishonch hosil qilish.
Yechilish usullariga ko’ra fizikaviy masalalarni sifat (og’zaki), mantiqiy, grafik va eksperiment asosida yechiladigan masalalrga bo’lish mumkin. Odatda masalalarning bunday bo’linishi shartlidir. Berilgan masala sharti o’qilgandan keyin, uning qaysi tipga tegishli ekanligi aniqlanadi va shunga qarab ish ko’riladi.
Sifat masalalar. Bunday tipdagi masalalarni yechishda hisoblashlar talab etilmaydi. Talabalar sifatga doir masalalarni yechishda, berilgan mavzu bo’yicha o’tilgan qonuniyartlardan foydalanib, masala shartida berilgan hodisalarni tahlil qiladilar. Bunday masalalar talabalarda kuzatuvchalikka bo’lgan qiziqishini kuchaytiradi, fizik qonuniyatlarni o’rganib ulardan mantiqiy xulosalar chiqarishga yordam beradi.
Mantiqiy masalalar. Mantiqiy masalar ilgari va yangi o’rganilgan materialni mustahkamlash uchun beriladi. Berilgan masalani qisqa vaqt ichida fizik mohiyati ochib beriladi. Mantiqiy masalani yechish uslubi ikki asosiy guruhga bo’linadi.
- mantiqiy sodda masalalar yoki ularni ba’zida masala-savollar deb ham ataladi. Ular odatda bitta fizikaviy qonunga asosan yechiladi va bunda bir qator mantiqiy xulosalar chiqarish ancha oson bo’ladi.
- o’zida bir nechta sodda masalani mujassamlashtirgan murakkab masalalar. Ularni yechishda bir qator ancha uzoq mantiqiy xulosalar chiqarish, bir necha fizikaviy qonunlarni analiz qilishga to’g’ri keladi.
Grafik masalalar. Bunday masalalar qaralayotgan fizik hodisalarning mazmunini yanada chuqurroq ochib berishga, funksional bog’lanishlar orasidagi munosabatni grafiklar orqali ifodalab, talabalarning tushunishiga yanada ko’proq yordam beradi. Bunday masalalarni yechish uchun kerakli grafiklar chiziladi, chiziqlarning kesishmasi, nuqtalarning koordinatalari aniqlanadi. Masalada bayon etilgan fizik jarayonlarning ma’lum bir koordinata o’qlariga grafik ko’rinishlariga qarab masala mazmuni tahlil qilinadi.
Grafik ba’zi hollarda masalaning shartida beriladi, ba’zi hollarda grafiklarni masala shartiga tayanib olingan natijalar asosida yasash kerak bo’ladi. Grafik masalalar ham, talabalarning fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Eksperimental masalalar. Nazariyani amaliyot bilan bog’lashning eng samarali usullaridan biri eksperimental masalalar yechishdir. Eksperimental masalalarning xarakterli xusisiyati shundaki, ularni yechishda laboratoriya yoki demonstratsion eksperimentlardan foydalaniladi. Eksperimental masalalarni yechish jarayonida talabalarning faoliggi va mustaqilligi oshadi. Chunki ular masala yechish uchun kerakli ma’lumotlarni darslikdan, masalalar to’plamidan tayyor holda olmasdan, balki o’zlari bajaradigan fizik o’lchashlardan oladilar.
Bunday masalalarni yechish davomida ular jamoaviy ravishda tajribada sodir bo’layotgan hodisalarni muhokama qilib oladilar. Talabalar qator fikr mulohazalardan, eksperimentda qanday fizik hodisa yotganini, qanday fizik qonun ifodalanayotganini bilib oladilar. Va nihoyat, eksperimental masalada topilishi kerak bo’lgan fzik kattalik uchun oxirgi ifodani keltirib chiqaradilar. Keltirib chiqarilgan formula yoki tenglamalarga qo’yib izlanayotgan kattalikni aniqlaydilar.
Amaliy mashg’ulotlarni o’tkazishda interfaol o’qitish usulidan foydalanish o’quv jarayonining samaradorligini oshirishga imkon beradi, chunki u talabalarning o’zaro va o’qituvchi bilan hamkorligiga asoslangan bo’lib, natijada barcha talabalar tomonidan yaxshi natijalarga erishiladi.
Boshqacha qilib aytaganda, interaktiv usullar talabalarning nafaqat o’qituvchi bilan, balki bir-birlari bilan ham, ta’lim jarayonida faolligining ustunligiga ko’proq ta’sir o’tkazishga qaratilgan. Interaktiv darslarda o’qituvchining o’rni talabalarning dars maqsadlariga erishish yo’nalishi bo’yicha qisqartiriladi. Darsda kompyuter interaktiv vositalaridan foydalanish yuqori malakali mutaxassisni tayyorlashga qaratilgan zamonaviy oliy ta’lim tizimining asosiy didaktik tamoyillarga javob beradi.
Amaliy mashg’ulotlarini o’tkazishning interaktiv usuli quyidagilardan iborat:
talabalarga fizik eksperimentlarni o’z ichiga olgan videomateriallar ko’rsatiladi, buning asosida masalaning holati shakllantiriladi, undan keyin ko’rilgan narsalarni muhokama qilish, tajribalar asosida qonunlarni eslash taklif etiladi. Shu bilan birga, o’qituvchi faqat munozarani to’g’ri yo’nalishga yo’naltiradi va agar kerak bo’lsa, ularni to’ldirish va umumlashtirish orqali to’g’ri fikrlashni sharhlaydi. Ko’pgina talabalar ekranda ko’rgan narsalarini tushunganida, o’qituvchi va ba’zi hollarda talabalar matematik hisob-kitoblarni amalga oshiradilar. Masalani yechish yakunida talabalar o’qituvchi bilan birgalikda o’z natijalarini sarhisob qiladilar va tegishli xulosa chiradilar.
Bundan tashqari, mustaqil ta’lim sifatida siz keyingi dars mavzusini oldindan e’lon qilishingiz mumkin, bu esa talabalarga nazariy ma’lumotlarni topish va o’rganish imkonini beradi, so’ngra uni amaliy mashg’ulotlarda qo’llash imkonini beradi.
Shunday qilib, amaliy mashg’ulotlarni o’tkazishning interaktiv usuli shubhasiz afzaliklarga ega, chunki talabalar ekranda sodir bo’layotgan voqealarni kuzatishdan manfatdordir, ular o’zlari ko’rgan narsalarni muhokama qilishdan zavqlanadilar, bu esa o’tgan materaialni yaxshiroq o’zlashtirishga yordam beradi.
Amaliy mashg’ulot darslarida multimedia vositalarini qo’llash talabalarning fizika faniga qiziqishini oshirib, darsni yanada qiziqarli o’tishiga olib keladi, materiallarni tushinish va yodlash jarayonini osonlashtiradi.
Amaliy mashg’ulotlar darslarida multimedia vositalarini qo’llashning muhim jihati shundaki, talabalar faqat masalaning holatini tasvirlaydigan math emas, balki fizik tajribalarni ko’rishadi. Bundan tashqari, o’qituvchi doskada chizmalarni tasvirlashga hojat qolmaydi, bu esa ba’zan juda qiyinroqdir.
Shu munosabat bilan, talabalarga matematik hisob-kitoblar oldidan eksperiment o’tkazish videosi, darsdan oldin berilgan mavzu bo’yicha materiallarni mustaqil qidirish imkoniyati, interfaol suhbat va ekranda ko’riladigan narsalarni muhokama qilish talabalarga vazifa shartlarini yanada to’liq taqdim etish va materiallarni yaxshiroq o’rganish imkonini beradi. Shu bilan birga, talabalar fiklashga va umuman masalani yechishga qiziqish bildirishadi. Bundan tashqari, tomosha qilingan videolar yaxshi eslab qolinadi, bu esa talabalar test va imtihonlarni topshirish vaqtida o’rganilgan materiallarni tezroq eslab qolishlariga imkon beradi.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, fizika fanidan masalalar yechish, talabalar tomonidan mavzuni yuqori darajada o’zlashtirishga va ularning bilimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Fizika fanidan masalalar yechish jarayonida talabalarning mantiqiy fiklashlari kengayadi, ijodiy qobiliyatlari rivojlanadi.
