TA’LIM OLISH UCHUN BAHOLASH
Конференция: XCVIII Международная научно-практическая конференция «Научный форум: педагогика и психология»
Секция: Теория и методика обучения и воспитания

XCVIII Международная научно-практическая конференция «Научный форум: педагогика и психология»
TA’LIM OLISH UCHUN BAHOLASH
ОЦЕНКА ДЛЯ ОБУЧЕНИЯ
Умаралиева Мамура Ташходжаевна,
доктор философии по педагогическим наукам, преподаватель академического лицея Ташкентского фармацевтического института, Узбекистан, г. Ташкент
ASSESSMENT FOR LEARNING
Mamura Umaralieva
Doctor of Philosophy in Pedagogical Sciences, Lecturer at the Academic Lyceum, Tashkent Pharmaceutical Institute, Uzbekistan, Tashkent
Annotatsiya. Maqolada o‘quvchilar faoliyatini baholash pedagogik jarayonning muhim elementi sifatida talqin etilgan. Diagnostik baholash o‘quvchi bilim va ko‘nikmalarining dastlabki darajasini aniqlash uchun baholash sifatida; formativ baholash o‘quvchilarning ta’lim olish va o‘qituvchining ta’lim berish faoliyatini korreksiyalash uchun baholash sifatida, summativ baholash o‘quvchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari darajasini baholash sifatida ypritilgan. Maqolada asosiy e’tibor formativ baholash, ya’ni ta’lim olish uchun baholashga qaratilgan.
Аннотация. В статье оценивание успеваемости учащихся трактуется как важный элемент педагогического процесса. Диагностическое оценивание рассматривается как оценивание для определения начального уровня знаний и умений обучающегося; формативное оценивание рассматривается как оценивание для корректировки процессов обучения учащихся и педагогической деятельности преподавателя, а суммативное оценивание, ак оценка уровня знаний и умений, приобретенных обучающимися. В статье основное внимание уделяется формирующему оцениванию, то есть оцениванию для обучения.
Abstract. In the article, assessment of students' academic performance is treated as an important element of the pedagogical process. Diagnostic assessment is considered as assessment for determining the initial level of knowledge and skills of the student; formative assessment is considered as assessment for adjusting the learning processes of students and the pedagogical activity of the teacher, and summative assessment, as an assessment of the level of knowledge and skills acquired by students. The article focuses on formative assessment, that is, assessment for learning.
Kalit so‘zlar: diagnostik baholash, formativ baholash, summativ baholash, ta’lim olish uchun baholash, ta’lim natijasini baholash
Ключевые слова: диагностическое оценивание, формирующее оценивание, суммативное оценивание, оценивание за обучение, оценка образовательного результата.
Keywords: diagnostic assessment, formative assessment, summative assessment, assessment for learning, assessment of educational results.
Ta’lim samaradorligining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bu o‘quvchilarning ta’lim natijalari bo‘lib, aynan mazkur ko‘rsatkichlar o‘rta umumta’lim tizimi faoliyati, uning rivoji va natijalarini aks ettiradi. Binobarin, ta’lim sifati darajasi o‘quvchilarning ta’lim natijalarini baholash tizimi qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.
O‘quvchilar faoliyatini baholash pedagogik jarayonning muhim elementi, baho esa muayyan vazifani bajaruvchi kuchli pedagogik vositadir. Baholash – ta’lim jarayonining ma’lum bosqichida o‘quv maqsadlariga erishganlik darajasini oldindan belgilangan mezonlar asosida o‘lchash, natijalarini aniqlash va tahlil qilishdan iborat jarayondir. Har qanday baholash faoliyati ta’lim jarayonida o‘quvchi yoki o‘qituvchining o‘zaro munosabati qanchalik samarali amalga oshayotgani haqida ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojiga asoslanadi [2].
Pedagogik faoliyatning asosiy tamoyili o‘quvchining rivojlanishiga yordam berishdir. O‘quvchining ta’lim natijalari va rivojlanishi esa doim o‘zgarib boradi.
O‘quvchining ta’lim olishda mustaqillik, tashabbuskorlik va mas’uliyatlilikka erishishi uchun nazorat va baholash mustaqilligi, ya’ni o‘quvchining o‘zi va sinfdoshlari faoliyatini mustaqil nazorat qilish va baholash, ta’lim jarayonida yuzaga keladigan qiyinchiliklar sabablarini aniqlash va bartaraf etish ko‘nikmalari alohida ahamiyatga ega. Mazkur ko‘nikmalar formativ baholashni kundalik amaliyotda tizimli ravishda amalga oshirish orqali shakllantiriladi.
“Formativ baholash o‘quvchilarning o‘quv materialini o‘zlashtirishdagi individual xususiyatlar (ish sur’ati, mavzuni o‘zlashtirish usullari va boshqalar) ni hisobga olgan holda qo‘llaniladi. O‘qituvchi ta’lim berish jarayonini korreksiyalash va rejalashtirishga o‘zgartirishlar kiritish uchun, o‘quvchi esa ta’lim olish jarayoni sifatini oshirish uchun formativ baholashdan foydalanadi.
Baholash va o‘qitish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq jarayonlardir. Baholashning bir-biriga bog‘liq uchta turi mavjud: diagnostik, formativ va summativ baholash.
Diagnostik baholash – o‘quvchilar bilim va ko‘nikmalarining dastlabki darajasini aniqlash uchun baholash. O‘quv davrining muayyan bosqichi (masalan, bob yoki modul, chorak yoki semestr, oʻquv yili oxiri) boshida o‘tkaziladi. Diagnostik baholash o‘quvchining dastlabki bilim va ko‘nikmalari darajasini aniqlashga hamda o‘qituvchiga o‘z faoliyatini rejalashtirishga imkon beradi.
Formativ baholash – o‘quvchilarning ta’lim olish va o‘qituvchining ta’lim berish faoliyatini korreksiyalash uchun baholash. Ushbu baholash turi o‘quvchining joriy ta’lim holatini baholaydi va keyingi rivojlanish istiqbollarini aniqlash imkonini beradi.
Summativ baholash esa o‘quvchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari darajasini baholashdir. Mazkur baholash ta’limning muayyan bosqichi yakunida o‘tkaziladi. hamda o‘quvchilarning o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini sifatini baholash imkoniyatini beradi.
Diagnostik baholash natijalarisiz o‘qituvchi formativ baholashni tegishli darajada amalga oshira olmaydi. Darsdagi formativ baholash sifati esa summativ baholash natijalariga ta’sir etadi. Baholashda ushbu izchillikni saqlab qolish orqali samarali ta’lim natijalariga erishish mumkin.
Formativ baholash summativ baholashdan bir necha muhim jihatlari bilan farq qiladi.
Stol 1.
Ma'nolari
Formativ baholash |
Summativ baholash |
Ta’lim olish uchun baholash |
Ta’lim natijasini baholash |
Maqsadi |
|
Ta’limning yangi metodlari va shakllarini aniqlash. O‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, o‘quvchi yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatish, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida qayta aloqani yo‘lga qo‘yish. |
O‘quvchilar bilimining ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini aniqlash. O‘quvchilar o‘quv davrining muayyan bosqichida erishgan bilim darajasini qayd etish |
Tavsifi |
|
O‘quvchilarning ta’lim olish va o‘qituvchining ta’lim berish faoliyatini korreksiyalash uchun baholash. |
O‘quvchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari darajasini baholash. |
Qachon qo‘llaniladi? |
|
Muntazam ravishda dars davomida o‘tkaziladi. |
O‘quv davrining muayyan bosqichi (masalan, bob yoki modul, chorak yoki semestr, oʻquv yili) yakunida o‘tkaziladi. |
Nima uchun qo‘llaniladi? |
|
O‘quvchining joriy ta’lim holatini baholash va keyingi rivojlanish istiqbollarini aniqlash imkonini beradi. |
O‘quvchilarning o‘quv davrining muayyan bosqichida o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini sifatini baholash imkoniyatini beradi. |
Tahlil natijasi |
|
Baholash natijalari o‘quvchining avval erishgan natijalari bilan taqqoslanadi. |
Baholash natijalari ta’lim standarti yoki o‘rtacha statistik ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi |
Baholash shkalasi |
|
O‘qituvchi tomonidan ishlab chiqiladi. O‘quvchi bilimi ball yoki og‘zaki rag‘batlantirish shaklida baholanishi mumkin |
Umumiy qabul qilingan baholash tizimi tomonidan belgilanadi.
|
Baholash mezonlari |
|
O‘qituvchi tomonidan ishlab chiqiladi. |
Barcha uchun umumiy mezonlar ishlab chiqiladi. |
Baholash natijalarini qayd etish |
|
Og‘zaki yoki yozma ravishda o‘quvchining shaxsiy varaqalari, o‘z-o‘zini baholash kartochkalari yoki portfolioda qayd etiladi. |
Rasmiy hujjatlarda, ya’ni sinf jurnali yoki va elektron jurnallarda qayd etiladi. |
Quyida formativ baholashga batafsil to‘xtalamiz.
Formativ (shakllantiruvchi) baholash – ta’lim olish uchun baholash.
Formativ baholash taʼlim jarayonidagi yutuq va kamchiliklarni, taʼlim jarayoni samarasini aniqlab borish, oʻquv jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida oʻtkaziladigan baholash jarayonidir. Formativ baholashda o‘quvchining bilim, ko‘nikma va malakalari diagnostika qilinadi, o‘quvchiga motivatsiya beriladi, o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlar to‘ldiriladi va korreksiya qilinadi, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida qayta aloqa yo‘lga qo‘yiladi. Formativ baholashning asosiy maqsadi o‘quvchini ta’lim natijalariga erishish usullarini belgilash orqali keyingi ta’lim olish va rivojlantirishni rejalashtirishga undashdan iborat. Formativ baho yo‘naltirish uchun xizmat qiladi va jarayonni baholaydi¸ sinov natijalariga ta’sir etmaydi.
Formativ baholash o‘quvchining joriy ta’lim holatini baholash va keyingi rivojlanish istiqbollarini belgilash imkonini beradi. Formativ baholash o‘qituvchi va o‘quvchilar e’tiborini birinchi navbatda nafaqat o‘qitishga, balki o‘rganishni kuzatish va sifatini ko‘tarishga qaratadi. U o‘qituvchi va o‘quvchiga ta’limni yaxshilash va rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilish haqida ma’lumot beradi. Formativ baholash yakuniy natija emas, balki uzoq muddatli jarayondir.
Formativ baholashda uch hodisa (o‘quvchining ta’lim natijasini belgilash, o‘quvchining bilim darajasini aniqlash, ta’lim natijasiga erishish yo‘li va usullrini aniqlash) va uch omil (o‘qituvchi, sinfdosh, o‘quvchi) nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Uch omil bilan uch hodisa kesishmasi formativ baholashning beshta asosiy strategiyasni belgilash mumkinligini ko‘rsatadi:
1. Ta’lim natijalari va muvaffaqiyat mezonlarini belgilash va o‘zaro o‘rtoqlashish;
2. Ta’lim natijalariga erishish usullarini aniqlash;
3. O‘quvchini ta’lim natijasi sari yo‘naltiruvchi qayta aloqani ta’minlash;
4. O‘quvchilarni bir-biri uchun ta’lim manbalari sifatida faollashtirish;
5. O‘quvchilarni o‘z bilimlari egalari sifatida faollashtirish [4].
Stol 2.
Ma'nolari
|
O‘quvchining ta’lim natijasini aniqlash |
O‘quvchining bilim darajasini aniqlash |
Ta’lim natijasiga erishish yo‘li va usullrini aniqlash |
O‘qituvchi |
Ta’lim natijalari va muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash |
Ta’lim natijalariga erishish usullarini aniqlash |
O‘quvchini ta’lim natijasi sari yo‘naltiruvchi qayta aloqani ta’minlash |
Sinfdosh |
Ta’lim natijalari va muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va o‘zaro o‘rtoqlashish |
O‘quvchilarni bir-biri uchun ta’lim manbalari sifatida faollashtirish |
|
O‘quvchi |
Ta’lim natijalari va muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash |
O‘quvchilarni o‘z bilimlari egalari sifatida faollashtirish |
Tadqiqotlar baholash orqali ta’limni takomillashtirish quyidagi asosiy omillarga bog‘liqligini ko‘rsatadi:
1. O‘quvchilar bilan qayta aloqani samarali tashkil etish.
2. O‘quvchining ta’lim jarayonida faol ishtiroki.
3. Baholash natijalari asosida ta’lim jarayoniga tuzatishlar kiritish.
4. Baholash o‘quvchilar motivatsiyasi va ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishiga ta’sirini tan olish (bu esa o‘z navbatida ta’lim natijalariga hal etuvchi ta’sir ko‘rsatadi).
5. O‘quvchilarning o‘z-o‘zini baholay olishi va o‘z bilimini yaxshilash yo‘llarini tushunish zarurati [1].
Formativ baholashning ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishga imkon beradigan asosiy komponentlari quyidagilardan iborat [3]:
- O‘quvchining ta’lim jarayonidagi faolligi;
- O‘z-o‘zini baholash va o‘zaro baholash
- Refleksiya
- Baholashning o‘quvchilar motivatsiyasiga ta’siri
- Ta’lim jarayonini korreksiyalash
O‘quvchining ta’lim jarayonidagi faolligi quyidagilarga bog‘liq:
- ta’lim maqsadlari va kutiladigan natijalar mohiyatini tushunish;
- baholash mezonlarni bilish va mezonlar mohiyatini tushunishi;
- o‘qituvchi tomonidan o‘qitish metodlarining to‘g‘ri tanlanishi.
Ta’lim maqsadlari va kutiladigan natijalar mohiyatini tushunish har bir o‘quvchiga ta’lim olish jarayonida faol ishtirok etish imkonini beradi. Kutilayotgan natijalar mazmuni o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi kerak. O‘quvchilar maqsadga erishganlik darajasini aniqlay olishlari uchun dars boshida kutiladigan natijalar o‘quvchilarga ma’lum qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Dars nihoyasida o‘qituvchi kutilgan natijalarga yana bir bor murojaat qilishi va o‘quvchilar bilan birgalikda dars maqsadiga qay darajada erishilganligini aniqlashi kerak.
O‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi faolligi ularning baholash mezonlarni bilishi va mezonlar mohiyatini tushunishi bilan bog‘liq. Mezonlarni ishlab chiqish baholash jarayonini shaffof bo‘lishini ta’minlaydi. Baholash mezonlarini o‘quvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqish esa ularda baholashga nisbatan ijobiy munosabatni rivojlantirishga imkon beradi.
O‘quvchilarning ta’lim jarayonida faolligining yana bir yo‘nalishi o‘qituvchi tomonidan o‘qitish usullarini to‘g‘ri tanlashdan iborat.
O‘z-o‘zini baholash va o‘zaro baholash o‘quvchilar egallashi kerak bo‘lgan eng muhim hayotiy ko‘nikmalaridan biridir.
O‘z-o‘zini baholash - bu o‘quvchilarning o‘z yutuqlari va ta’lim natijalarini baholashda ishtirok etishi bo‘lib, o‘z faoliyatining kuchli va zaif jihatlari, shuningdek, takomillashtirish talab etiladigan imkoniyatlarni tahlil qilishga qaratilgan jarayon.
O‘quvchilarning o‘z-o‘zini baholash ko‘nikmalari ular faoliyatini bir qator mezonlar bo‘yicha baholash orqali rivojlanadi. Bunda o‘quvchi o‘z faoliyatini har biri o‘z baholash mezonlariga ega ko‘plab ko‘nikmalar yig‘indisi sifatida ko‘ra biladi.
Binobarin, o‘quvchi shaxsiy taraqqiyotining har bir bosqichini kuzatib, baholay oladi.
O‘zaro baholash formativ baholashning eng asosiy usullaridan biri hisoblanadi. O‘zaro baholash o‘quvchilarga bir-birlarning faoliyatini baholash orqali bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatini beradi. O‘zaro baholashning afzalligi shundaki, o‘quvchilar sinfdoshlari faoliyatini baholash mezonlari taqqoslash orqali o‘z faoliyatini ham tahlil qiladilar.
Refleksiya – bu maqsadga erishish yo‘lidagi harakat, vaziyat va muammolarni sharhlash jarayoni. U ta’lim jarayoni qanday ketayotgani haqida tasavvur hosil qiladi, har bir o‘quvchining bilimidagi yutuq va kamchiliklar haqida ma’lumot beradi. O‘zaro hurmat va xayrixohlik muhitida tashkil etiladigan reflelsiya ta’lim natijalariga erishishda muvaffaqiyatini ta’minlaydi va o‘quvchilarga xatolarni tuzatish imkoniyatini beradi. Refleksiya aniq, tushunarli, mavzuga oid bo‘lishi va o‘z vaqtida amalga oshirilishi kerak.
Baholashning o‘quvchilar motivatsiyasiga ta’siri. Motivatsiya bu muayyan maqsadlarga erishish uchun qilinayotgan hatti-harakatni rag‘batlantirish jarayonidir. Ichki motivatsiya o‘quvchilarning shaxsiy xohish va ehtiyojlariga asoslanadi. Tashqi motivatsiya turli shakllarida boshqalar tomonidan rag‘batlantirish hisoblanadi.
Ichki motivatsiya samarali bo‘lib, o‘quvchiga o‘quv materialiga chuqur kirib borish, batafsil javoblarni izlash va yaxshi natijalarga erishish imkonini beradi. O‘qituvchi o‘zining baholash faoliyatida o‘quvchilarning ichki motivatsiyasini rivojlantirishga intilishi kerak. Tashqi va ichki motivatsiyaning kombinatsiyasi yaxshi natijalarga erishishning eng muhim shartidir
Ta’lim jarayonini korreksiyalash. Formativ baholash oraliq natijalar asosida o‘qituvchi o‘z faoliyatiga, shuningdek, o‘quvchilar faoliyatiga tuzatishlar kiritishini, ya’ni korreksiyalashni ham nazarda tutadi. O‘qituvchining o‘z faoliyatini korreksiyalashi o‘quvchilarning muvaffaqiyatini oshirishga yordam beradi.
O‘quvchilar o‘quv materialini maksimal darajada tushunishlarini ta’minlash uchun o‘qituvchi doim o‘ziga quyidagi savollarni berishi kerak:
- Qaysi o‘quvchi uchun alohida e'tibor zarur?
- Qaysi o‘quvchi materialni o‘zlashtirishi uchun o‘zgacha yondashuv, va o‘qitish usullariga muhtoj?
- Qaysi o‘quvchi yangi materialni o‘zlashtira olmadi?
Baholash o‘quvchilarning yutuq va kamchiliklari, kuchli va zaif tomonlari hamda ta’lim jarayonidagi keyingi qadamlarni aniqlash orqali bilim va ko‘nikmalarni egallash samaradorligini yaxshilashga qaratilgan jarayondir. O‘quvchilarning o‘quv faoliyatini baholash ta’lim jarayonning muhim elementi sifatida o‘quvchining rivojlanishiga yordam beradi.
